Omonatlarni himoya qilish kafolatlari
O'zbekiston Milliy banki ochilgan omonatlar ishonchli himoyalangan, ularning qaytarilishi "Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonun (O‘RQ-1031-son, 18.02.2025 y.) bilan afolatlangan.
Qonunga muvofiq jismoniy shaxslarning, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning, shuningdek yuridik shaxslarning bitta bankdagi bitta omonatchisiga 200 000 000 (ikki yuz million) so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi omonatlari davlat tomonidan kafolatlangan.
Kafolatlash obyektini aniqlashda quyidagilar omonat deb hisoblanadi:
bank omonati shartnomasiga yoki bank hisobvaragʻi shartnomasiga muvofiq bankka qoʻyilgan, shu jumladan shartnomaning tegishli shartlari bajarilguniga qadar alohida hisobvaraqlarda saqlanadigan (“eskrou” xizmati), shuningdek omonat (depozit) sertifikatlari bilan tasdiqlangan pul mablagʻlarining qoldigʻi;
bank omonati shartnomasi yoki bank hisobvaragʻi shartnomasi boʻyicha hisoblangan, biroq kafolatlash hodisasi yuzaga kelguniga qadar toʻlanmagan foizlarning qoldigʻi, agar ularni hisoblash mazkur shartnomalarda nazarda tutilgan boʻlsa, shuningdek omonat (depozit) sertifikatida belgilangan foizlarning hisoblangan, biroq toʻlanmagan qoldigʻi.
Quyidagilar kafolatlash obyekti boʻlmaydi:
banklarning, nobank kredit tashkilotlarining, lizing tashkilotlarining, sugʻurta tashkilotlarining, investitsiya va pay fondlarining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining yoki chet davlat vakolatli organining tegishli litsenziyasiga yoki ruxsatiga asosan faoliyat yuritayotgan yoxud faoliyatini vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshirayotgan boshqa moliya tashkilotlarining omonatlari;
davlat tashkilotlari va korxonalarining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining yoki chet davlatning davlat organlari omonatlari;
bankka aloqador shaxslarning omonatlari, bundan bankning boshqaruv aʼzolari va muhim ahamiyatga ega xodimlarining oxirgi uch oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari miqdoridan oshmaydigan omonatlari mustasno;
chet elda ochilgan shuʼba banklardagi yoki bank filiallaridagi omonatlar;
shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida jamgʻarilgan pul mablagʻlari;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bogʻliq faoliyatdan olinganligi sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan tasdiqlangan pul mablagʻlari.
Quyidagilar omonat hisoblanmaydi:
aksiyalar hamda banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq bankning regulyativ kapitali tarkibiga kiritilgan boshqa vositalar;
bank tomonidan chiqarilgan qarz qimmatli qogʻozlari (taʼminlangan va taʼminlanmagan obligatsiyalar, oddiy veksellar);
bankning subordinar qarz majburiyatlari;
bankning seyflarida saqlanayotgan pul mablagʻlari;
hosila moliyaviy vositalar, jumladan bank tomonidan chiqarilgan fyucherslar, forvard kontraktlari, svoplar va opsionlar boʻyicha yuzaga keladigan talab qilish huquqi;
bankning mol-mulkni ishonchli boshqarish faoliyati bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan talab qilish huquqi.
Kompensatsiya miqdori bir bankda bir omonatchiga toʻlanadigan kompensatsiya quyidagi miqdorni tashkil etadi:
kafolatlash obyekti qoldigʻining toʻliq hajmini, agar uning miqdori 200 000 000 soʻm yoki undan kam boʻlsa;
200 000 000 soʻmni, agar kafolatlash obyektining qoldigʻi ikki yuz million soʻmdan koʻp boʻlsa.
Qonunga muvofiq, kafolat holati yuz berganda omonatlarni qaytarishni boshlash muddatini bosqichma-bosqich qisqartirish ko‘zda tutilgan:
2025-yilda — 20 ish kuni;
2026-yil 1-yanvardan — 15 ish kuni;
2027-yil 1-yanvardan — 7 ish kuni.
Muhim: kafolatlangan holatning yuzaga kelishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani bekor qilish va bank faoliyatini majburiy tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda yuz beradi.
Chet el valyutasidagi kafolatlangan omonat boʻyicha kompensatsiya Markaziy bankning kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadagi kursi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida toʻlanadi.